Гуру Песен Популярное
А Б В Г Д Е Ж З И К Л М Н О П Р С Т У Ф Х Ц Ч Ш Э Ю Я
# A B C D E F G H I J K L M N O P Q R S T U V W X Y Z

Muhammad Yusuf she`ri - Lolaqizg'aldoq | Текст песни

LOLAQIZG`ALDOQ
Shavkat Rahmon xotirasiga

Mendan nima qolar:
Ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni o`ylayman
O`zimdan ko`proq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Men ketsam, yomondan
Yiroq bo`l, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Ko`rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo`lar-u,
Yomon odam yaxshi
Bo`lmas hech qachon…
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Uyda yotibman-u,
Sezib turipman,
Ko`kda kelayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yog`dirib
Qanotlaridan,
Xasta shoiriga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qo`l qoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ularni men yana
Ko`rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. To`ylar boshlandi.
Yuragim pora –
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim…
Demak, taqdir ekan
To`y ko`rmay o`lmoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Biroq, ko`nglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam to`ladi.
Hali to`ylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng
Baxtli bo`ladi!
Kelinlar ko`ylagi
Ruhimday oppoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas,
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O`liklar uyg`oq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ko`ksim kuyib borar,
Ko`krak yonmoqda,
Ayting do`xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o`z ulfati –
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Bunu xayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so`lasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O`zing bo`lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira – bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G`am kelsa boshingdan
Xushing uchmasin.
Xudodan so`radim:
Mendan keyin hech,
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo`lida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko`ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Jon so`ngi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo`lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o`pib, O`shni
Quchoqlab o`lsam!..
O`tinchim – tepamda
Yig`lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!


Статистика страницы на pesni.guru ▼
Просмотров сегодня: 5
Популярное сейчас
Видео
  • O'zbek Muhammad Yusuf Lolaqizg'aldoq she'ri ... O'zbek Muhammad Yusuf Lolaqizg'aldoq she'ri ...
    O'zbek Muhammad Yusuf Lolaqizg'aldoq she'ri. goldenpark2009 ... Шеърлари жуда ...
  • Muhammed Yusuf - LOLAQIZG'ALDOQ Muhammed Yusuf - LOLAQIZG'ALDOQ
    LOLAQIZG'ALDOQ Shavkat Rahmon xotirasiga Mendan nima qolar: Ikki misra she'r ...
  • yulduz usmonova-muhammad yusuf.flv yulduz usmonova-muhammad yusuf.flv
    Ushbu qo'shiq Yulduz Usmonova tomonidan ajoyib shoir va inson o'zining diltortar ...